She’rlar

Farishta

Yarim tun samoda aytib mung kuyin

Yerga elchi malak uchib borardi

To’lin oy, yulduzlar, bulutlar uyum

Ilohiy qo’shiqqa quloq solardi

Begunoh bandaning o’zga dunyoda

Jannati rohatin kuylar edi hur

Tangrini ulug’lab aytgan sanoda

Ufurib turardi samimiy surur

Yosh jonni ertardi malak bag’rida

G’urbat va ko’z yoshlar dunyosi sari

Kalomsiz jo bo’ldi ruhning qa’riga

Hur aytgan qo’shiqning sirli so’zlari

Ruh yorug’ dunyoda o’rtandi uzoq

Yuksak maqsadlarga bo’lib parvona

Bu nursiz zaminda topmadi biroq

Samoviy qo’shiqqa o’xshash tarona

(M. Y. Lermontov)

Tatyananing Oneginga maktubi

Xat yozarman – bundan ne a’lo?

Yanaqanday so’z derdim sizga?

Qahringizga meni mubtalo

Etish huquqin berdim sizga.

Ammo mening baxtsiz taqdirim

Tomchi shafqat uyg’otar, esiz,

Shunda siz meni tark etmassiz…

Avval sukut saqlamoqchiydim,

Ishoningiz – sizga uyatim

Bildirmaslik edi niyatim,

Gar bo’lganda zarra umidim

Bu qishloqda ko’rishga kam-kam

Sizni haftada bir bo’lsa ham;

Tinglasam so’zingiz – tarona,

Sizga o’zim bir kalom aytsam –

So’ng bu o’yga ming bora qaytsam

Tun-u kun, uchrashguncha yana.

Ammo odamovi emishsiz,

Sizni zeriktirganmish qishloq,

Biz-chi?.. biz o’zgachamas, biroq

Siz doim bizga sevinishsiz.

Nega keldingiz bizlar tomon?

Unutilgan olis sarobda

Sizni bilmasdim men hech qachon,

Qolmas edim o’tli azobda.

Titroq tursqa bu bebosh qalbda,

(Balki) uni avrab olardim,

Topib o’zga dilkash vafodor,

Bo’lar edim sadoqatli yor

Ham mehribon ona bo’lardim.

O’zga!.. Yo’q, hech kimga dunyoda

Qalbib berolmasdim, chin so’zim,

Bu qaror aytilgan samoda

Arsh istagi – seniki o’zim!

Ishonch garovi butun umrim

Bo’lmog’ingga mening hamrohim,

Bilaman – seni bergan tangrim,

Qabrgacha o’zing panohim…

Tushlarimda bo’lib namoyon,

Sen g’oyibdan dilga yoqarding,

Otashin nigoh-la boarding,

Tovushing dilda yangrar hamon.

Hamon… Aslo tush emasdi bu!

Seni ko’rib, men shul on tanib,

Toshdek qotib, olovdek yonib,

Hayolimda dedim – mana u!

Rostmi? So’zlar eding – sukunat

Ichra senga quloq osardim,

Nochorlarga berardim madad

Yoki dildan qilib ibodat,

Qalbni o’rtar g’amni bosardim.

Zum o’tmasdan, aynan o’shal tob

Senmasmi, ey yoqimli sarob,

Sof zulmatda ko’rinib bir bor,

Boshginamga asta egilgan?

Dilda sevging, sevinching bilan

So’z shivirlab qilgan umidvor?

Kimdirsan sen? Panoh farishta

Yo makkora bog’langan rishta:

Gumonlardan sen meni qutqar…

Balki, buning barchasi bekor,

Balki, yuragim meni aldar,

Peshonamda o’zga qismat bor…

Men roziman! Shu lahza guvoh –

Qismatim ham sening qo’lingda,

Yoshlar to’kay sening yo’lingda,

Faqat sendan tilayman panoh…

Holim tasavvur qil: men yolg’iz,

Hech kim tushunmas hasrat so’zim,

Brogan sari idrokim kuchsiz,

Asta so’lib borarman o’zim.

Men intiqman – siyrating bilan

Qalbda pinhon umidim uyg’ot.

Yo g’aflat tushim qilgin barbod

Men arzigan nafrating bilan.

Tamom… O’qidim qaytib izga,

Dong qotdim daxshatdan, nomusdan –

Lek kafilim – vijdoningizga

O’zni topshirarman qo’rqmasdan.

(A. S. Pushkin)

Oneginning Tatyanaga maktubi

Ko’zim yetar: sizga haqorat

Ochilgan bu qayg’uli sirlar.

Oh, qandayin og’uli nafrat

Mag’rur nigohingiz tasvirlar.

Istagim ne? Maqsadim qanday

Ochishimdan qalbim pinhona?

Shum quvonchga o’zim ham bilmay

Balki, bermoqdaman bahona?

Sizni ko’rdim tasodif kezib –

Sizda mehr uchqunin sezib,

Unga ishonmoq qildim kanda:

Sho’x odatim solmadim ishga,

To’ygan erkimdan ayrilishga

Rozi bo’lolmadim o’shanda…

Ham bizni ayirdi bir narsa:

Lenskiy bo’ldi baxtsiz qurbonim –

Dilga yaqin nimaki bo’lsa,

Bordan yulib oldim bu jonim.

Hammaga yot, yo’q mehr rishtam;

O’ylab dedim: erkligim, tinchim

Bo’lar menga baxtim, quvonchim –

Oh, adashdim – topdim jazo ham!

Yo’q! Sizni ko’rish daqiqa sayin,

Ortingizdan yurish iz bilan,

Lab handasin, nigohlar mayin

Ilg’ash sevgi to’la ko’z bilan;

Sizni tinglash, yurak to’ridan

Anglash sizning komilligingiz,

Qarshingizda qiynoq zo’ridan

Rangim qochib, so’nish – farog’at!

Ul rohatdan men mahrum faqat…

Undan mahrum, sizni debs arson

Kezarman duch kelgan tomonda,

Kun g’animat, g’animat har on,

Lekin o’tar unsiz armonda

Taqdir menga atagan kunlar –

Shundoq ham og’ir o’tar ular…

Bilam: kunim o’lchangan avval,

Ammo umrim yashamoq uchun,

Amin bo’lmog’im shart tong mahal

Sizni ko’rmog’imga kunduz kun.

Qo’rqaman – bu nolish so’zimdan

Sovuq nigohlar topa bilar

Pastkash ayyorlikdan shubhalar –

Va qahringiz tuyarman zimdan.

Bilsaydingiz qanchalar qiyin

O’rtanish ishqqa tashna jonda,

Lov yonish – idrok-la on sayin

Bosa olish titroqni qonda.

Tizingizni quchmoq – xumorim,

Poyingizda yig’lasam abgor,

To’kib solsam izhorim, zorim,

Barin, barin – toki imkon bor…

Lek shunda ham soxta rutubat

Nutq-u ko’zimga qurol bo’lsa,

Qura olsam men sokin suhbat,

Sizga boqib ko’zlarim kulsa.

Bo’lgan bo’lar! Yurakka qarshi

Bormoqqa kuch qolmadi bizda;

Hukm o’qildi – men izmingizda,

Taqdirga bo’ysunganim yaxshi.

Mihayil Yuryevich Lermontov.

(A. S. Pushkin)