Vatan madhi

O’zbegim

(Erkin Vohidov qasidasiga nazira)

O’zbegim, madhingni aytmoq menga armon, o’zbegim
Ki shoningga ahli olam qoldi hayron, o’zbegim

Qudratiga keksa moziy lol qolib aytdi sano
Kechmishi tarix tilida bo’ldi doston o’zbegim

O’tmishi osmonida porlar daholar yulduzi
Ertasi oftob nuridek ko’p charog’on o’zbegim

Oldi Ovropa andoza ibn Sino so’zidan
Ming tuman dard-u baloga bo’ldi darmon o’zbegim

O’t bo’lib yondi Muqanna, o’tdi mag’rur sarbaor
Haq yo’lida urdi tug’yon, qildi isyon o’zbegim

O’rmalab keldi mo’g’ul, bo’ldi haroba bog’u-rog’
Chingiziy vayronalarni qildi bo’ston o’zbegim

Necha yil o’tdi firog’da, nursiz o’tdi necha yil
Xurriyat vasli-la qildi ahd-u paymon o’zbegim

Keng quloch ochdi arab, ispan, farangi, turk, xitoy
Yuz elat-millatga bo’ldi zo’r qadrdon o’zbegim

Qoldi Kreml labin tishlab, dog’da qoldi Bukingem
Qad ko’tardi Oqsaroylar, qurdi Do’rmon o’zbegim

Ham Samarqand bo’ldi mag’rur ro’yi zamin sayqali
Ham Buxoro qubbati din – ahli imon o’zbegim

Shu tabarruk elga meros hazrat Usmondan bitik
Ko’nglida turg’un xidoyat naqli Qur’on o’zbegim

O’zligin anglab kamolot sarhadini etdi ahd
Barkamol avlodga berdi cheksiz imkon o’zbegim

Rustami doston misoli donani dono surib
Keng jahon oqillariga berdi farmon o’zbegim

Yod olar yunon-u rumiy ne “chala” nadir “halol”
Ori-chun tushdi kurash belbog’li polvon o’zbegim

Iltifoti novvotidan shir olib tilni yorar
Jonidan solgay poyondoz kelsa mehmon o’zbegim

Yurt ishiga kamarbasta – qayga borsangiz hashar
El-ulus dardiga bo’lgay joni qurbon o’zbegim

Erta ko’klam qut eltigan qaldirg’ochni siylasa
Qishda qorni bilsa qutlug’ – rizqi xirmon o’zbegim

Bol tugar kishmish-husayni, la’l to’la sandiq – anor
Dasht aro bor qildi Behisht usta bog’bon o’zbegim

Toki qo’lda halol mehnat, toki qilda oqibat
Sen saodat manziliga borar karvon, o’zbegim

Senga baxshida bu madhim – iftixorim chashmasi
Rozi bo’lsang men o’g’lingdan boshim osmon, o’zbegim

Bor Vatan

Farovonlik davri qutlug’, qutlug’ davri saodat
Duo aytgan nuroniyning har so’zida bor Vatan
Sahovati daryo elga ko’kdan yog’ar barokat
Savob izlab qilgan ishlar ezgusida bor Vatan

Tinch kuniga aytar shukur – gardi yo’q osmonida
Mardlarini zikr qilmish ehtirom ayvonida
Mungli onam siymosi ham Xotira maydonida
Ko’z tikib turgan olovning yog’dusida bor Vatan

Ko’klam oftob kuz ne’matin berkitsa kurtaklarga
Ulus ko’rgan baxtli hayot qalqisa ertaklarga
Orzularin ipga bog’lab uchirsa yuksaklarga
Varrak zavqi tutgan bola kulgusida bor Vatan

Bobo dehqon solsa o’roq bo’ldi oltin boshog’i
Shirmoyida qut ifori aziz har bir ushog’i
Qazib ariq bog’ yaratsa – rizqqa to’ldi quchog’i
Obi-hayot daryolarning ko’zgusida bor Vatan

O’tmishi bor chindan buyuk – guvoh bo’lsin Toj-Mahal
Ulug’ dahoga bosh egdi tan berib ahli g’azal
Sharafli o’limni bildi tutqun hayotdan afzal
Cho’lpon-u Fitrat bobomning qayg’usida bor Vatan

Shonli o’tmish – yo’limizni yoritgan fonusimiz
El koriga ahdi mahkam, dilda or-nomusimiz
Kelajak bizlarga intiq, buyuklik vorisimiz
Xalqimizning nurga cho’mgan orzusida bor Vatan

Qishlog’im

Hizr buvam tinchin tilab omin qilgan
Yashnab turgan chorvog’ini borib ko’ring,
O’rislarki Gulqishloq deb nomin bilgan
Kaminaning qishlog’ini borib ko’ring

Qorong’i yor yuz qadamga nahdi ketgan
Sariq tuproq – Bobur bobom kafti tekkan
Yozda muzdek – qishda yerning tafti tekkan
Obi zam-zam bulog’ini borib ko’ring

Ming bosh to’yar to’qaylarin surpalasa,
Jiyda bargi suv yuzini ko’rpalasa,
Ko’kka eltar surursevar o’rmalasa -
Dayra bo’yi so’qmog’ini borib ko’ring

Ko’nglim cho’ksa, ko’zda yoshim tiyib qolgan
Kuzatishda yurak-bag’ri kuyib qolgan
Mening kindik qonim hidin tuyib qolgan
Qishlog’imning tuprog’ini borib ko’ring

Iforlarin ayamaydi g’unchalari -
Sahovati ko’prog’ini topib ko’ring
Chang bo’lsa ham – nurga to’la ko’chalari
Qishlog’imdan zo’rrog’ini topib ko’ring!

Chetda yurib Vatanimga tosh otgan yurtdoshlarimga aytganlarim

Ey birodar – shaytoningga ko’p ergashma
Millatigni xarob qilma kalomingda
Ajnabiyga Vataningni hech tergashma
O’z yurtingning nafasi bor salomingda

G’oz shunchalik bo’yni uzun bo’lgan bilan
Boshi mushtdan katta bo’lsa ko’tarmaydi
Okeanorti suvlariga to’ygan bilan
Ildizidan uzoq daraxt ko’karmaydi

Vatanimni o’zga yurtga solishtirma
O’zga yurtda inson – bir so’m, qadri – tiyin
Yurtim narxin yevrolarga olishtirma
O’zga yurtning “o’ziniki” bo’lish qiyin

Biz baxtlimiz vodiylarni yayov kezib
Sen ferrari-tayyotada yo’l talashgin –
Lek qalbingning bir chetini g’ashlik ezib,
Tashivishlaring ko’payganda – Vatan taskin

Yo’rgak yechib, attapoya qilganingda
Paxsa devor tirgak bo’lgan qadamingga
Ijara haq to’lolmayin singaningda
Beton uying yararmikan yordamingga

Moviy-kulrang ko’zlaridan yo’l toyigan
Qaysi sanam sochlarini mayda o’rding
Koyisa ham “baraka top” deb koyigan
Shirinsuhan elni yana qayda ko’rding

O’zga yurtni yuragingdan suyding balki –
Vatan ishqi jigaringdan tutaverar
Yo’ling to’siq – alamzada yursang hamki
Vatan seni sevaverar – kutaverar…